Jizzax viloyati Egizbuloq mahallasiga kelgan sel 70 dan ortiq qabrni oqizib ketgan. SES xodimlari aholi orasida turli kasalliklar tarqalishining oldini olish uchun suv va tuproq namunalarini olishdi hamda aholiga dori va antiseptik vositalari tarqatdi.
Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Ibragimov Egizbuloqdagi selga avvaliga do‘l, uning ortidan kuchli yomg‘ir yog‘gani sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Mahalliy aholi esa tog‘da «Huaxin» sement zavodi karer uchun yo‘l qurgan va soy yo‘lida damba hosil qilgan degan fikrda. «Gazeta.uz» ushbu masala yuzasidan surishtiruv olib bordi.
Jizzax viloyati Forish tumanida sodir bo‘lgan suv toshqini birinchi bo‘lib qabristonga urilgan va 70 dan ortiq qabrlarni oqizib ketgan. «Gazeta.uz» muxbiri Egizbuloq mahallasidagi sel oqibatlari aks etgan yana bir fotoreportajni tayyorladi. Unda suv kelishi oqibatida oqizib ketilgan qabrlar, aholining buzilgan uylari tasvirlangan.
Jizzaxdagi seldan talofat ko‘rgan uylardan birining egasi Isroil Aliyev «Gazeta.uz»ga sel qanday kelgani haqida so‘zlab berdi. «Uydan eshikni ochib qarasam, oldimda 2 metr balandlikdagi suv turganini ko‘rdim. Suv pasayguncha shunday jon saqlab turdik», — dedi u. Favqulodda vaziyatlar vaziri xotini va bolasini qutqarib qolgan Isroilni «qahramon» deb atadi. Isroil Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat vakillari uysiz qolgan aholiga 3 xonali uy qurib berishini aytgan.
20 aprel kuni Jizzaxda sel va suv toshqinlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan Egizbuloq mahallasida 5 kishi, shu jumladan ikki nafar yosh bola halok bo‘ldi. Bundan tashqari, 53 ta xonadon to‘liq talofat ko‘rdi. 25 ta uyda yashovchi 100 dan ortiq fuqaro vaqtincha boshqa joyga ko‘chirildi. Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev va Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev voqea joyida bo‘lib turibdi. Tafsilotlar «Gazeta.uz» fotoreportajida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting